Osmon Uzoq

Bu odamning gaplari Tursunaliga moydek yoqdi.
Men qamalaverib pishib ketganman. Senda musulmanin, menda musulmanin. Bir-birimizni suyab yurmasak, bu haromilar bizni yebda yuborishadi. Zemlyak, yaxshi odamligingni qora ko'zlaring aytib turibdi. Uncha-muncha odamga so'zimni o'tkaza olaman, qamoqlarning tuprog'ini bekorga yalamaganman. Sen menga suyanaver... Bunaqa yoqimli gaplarni o'ziga yaqin olib yurgan Nuriddindan ham eshitmagan edi. Ko'zlari sovuq bo'lsa ham Xudo ko'ngliga yaxshilik solibdi. Xudo mening rahmimni yeganga o'xshaydi, deb o'yladi u. Qamoqxonalar tuprog'ini yalayverib to'yib ketgan bu mehribonning ko'ngli nima uchun iyib ketganini u yana uch-to'rt kundan keyin biladi. Hozir esa... Xudoga shukur qiladi. Xudo tavbamni qabul etdi, deb ko'ngli taskin topadi. U qo'llariga kishan solingandan boshlab Xudoni tildan qo'ymaydi. Dam tavba, dam munojot qiladi. Gunohim bo'lsa kechir, deydi. Ha, aynan shu so'zlar uchadi tilidan. Yo yaratgan Egam, men gunohkor bandangman, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechir, demaydi. Gunohim bo'lsa kechir, deydi. Harom-xarish yurib, yeb-ichganlarini gunoh emas, odatiy yashash tarzi deb biladi. Zino qilayotgan paytda Xudoni eslamagan edi. Qo'llariga kishan tushishi bilan yodga oldi. Shayton vasvasalaridan qutqar deb so'ramagan edi, qamoqdan qutqarib ol deb nolalar qildi. Birovlarning haqqini yeganida bu dunyoning hisob-kitobli ekanini unutgan edi, qamoq zindonida xotirladi. Nafs balolaridan qutqar deb so'ramagan edi, zindon azoblaridan qutqar, deb faryodlar qildi. Yemoqning qusmog'i borligini bilmaganday yurdi, tepki zarbidan qayt qilganida bu haqiqatni anglaganday bo'ldi. Nafsimni o'ldir, deb so'ramagan edi, o'zimni o'ldirma, deb tavallolar qildi.
Bandaning holi shu: go'yo u yoki bu ishning gunoh ekanini bilmaganday yuraveradi. Boshi devorga urilib, zarba tufayli ko'zlaridan uchqunlar sachraganida Tangrini eslaydi. So'ng gunohlarim bo'lsa kechir, deydi. Shunday degani ham katta gap. Ba'zan E Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bunchalik qiynaysan? deb zorlanib ham qo'yadi. Haromdan saqlansam edim, nafsimni tiya olsam edim, bunchalar xorlikka yo'liqmas edim, deb o'zini ayblamaydi. Bil'aks, Falonchi mendan ko'proq yegan edi, begona to'shaklarni mendan ko'ra ko'proq gullatgan edi. U yallo qilib yuribdi, men esam bunda horman, deb Xudoni adolatsizlikda ayblab ham qo'yadi. Har bir odam o'z amalining asiri ekaniga esa fahmi yetmaydi.
Dunyo bamisli birdaniga ko'karib tezda qurigan dalaga o'xshashini, ehtiyotsizlik qilinsa bu manzara kishini aldab qo'yajagini, aldangach esa, bir kuni hayoti sarg'ayib so'la boshlagach, ma'yus va g'amgin bo'lajagini anglamaydi. Dunyoni fohishaning quchog'iday totli deb o'ylaydi. Dunyoning botqoq yuzasini qoplagan o'tloqqa o'xshashini, o'ylamay tashlangan har bir qadam bot-qoqqa botirajagi mumkinligini fahm etmaydi.
Tursunali shunday bandalardan biri. U marhamat so'rab Xudoga ko'p yolboradi. Ammo iymon kalimasi bilan yumshamagan tildan uchgan bu yolborishlar qabul bo'larmikin, vallohi a'lam?! Insonlarni salomatga, saodatga erishtiruvchi yagona narsa iymondir. Bani Odam har qanday yomonlikni faqat iymon bilangina yengajagini va har bir zafarga faqat iymon bilan erishajagini anglab yetmoq shu qadar mushkulmi? Dunyo to'plashga yetgan aql bu haqiqatni tushunishga kelganda qosirlik qilarmi? Yoki buni fahm eta olmaslikka qalblarning muhrlangani sababmi ekan?
Tursunali bir muttahamning aldov so'zlariga mahliyo bo'lib Xudo menga marhamat qildi, deb o'tiribdi. Nodon banda bilmaydiki, bu odamning ro'para bo'lgani - gunohlariga yarasha va'da qilingan ajrlarning davomidir. Gunohim nima edi? deb yanada battar yig'latadigan daqiqalarning debochasidir.
Tangrining marhamatiga erishmoq oson edi. Nafsni tiymoqqa kuch topsa, sabr eta olsa, kunni shukr bilan o'tkazsa bas edi. Bu unga og'ir tuyulib, yanada mashaqqatliroq, azob oroliga yetaklovchi yo'lni tanladi. Hamonki shu orol nasib etgan ekan, o'zi pishirgan oshni ichmoqdan o'zga chorasi yo'qdir!
Tursunali Murikning shirin so'zlariga mast bo'lib o'tirganida pastdagi karavotda yotuvchi qo'shnisi bexosdan Ablah, maraz! deb qichqirib yubordi. So'ng qo'lidagi maktubni pora-pora qilib yirtdi. Keyin esa duch kelgan narsani tortqilab, irg'itaverdi. Bunga ham qanoat qilmay karavotni mahkam changallaganicha silkita boshladi. Atrofdagilar hay-haylab ushlab qolishmaganida Tursunalining tepadan yerga qulashi aniq edi.
Chorasiz odam joyiga o'tirib yiQlay boshladi. Dunyodagi eng ayanchli narsa balki erkakning yig'lashidir. Qamoq lagerlarida esa tez-tez uchrab turgani uchunmi ayanchli tuyulmaydi. Kunduzlari butalar panasida, tunlari esa yostiqqa hasratlarini to'kkan tarzda yig'lash odatiy hol. Lekin bu chorasiz odam kabi ho'ngrab, yelkalari silkinish darajasi yig'lamoq kamyob hodisa. Shu sababli ham Nima bo'ldi, nega dodlayapsan? deb so'raguvchilar topildi. Chorasiz odam avvaliga qo'l siltab qo'yib javob bermadi. Dam o'tmay ko'z yoshi daryosi qurib, hasrat dengizi esa tosha boshlagach, dardini aytdi:
- Xotinim mendan ajralishibdi. Ablah, iflos! Axir men uni sevardim. Men uni deb o'tiribman bu yerda. Odamni men bosmaganman. Rulda uning padarla'nati ukasi edi. Mashinamni yashirincha olib chiqqan ekan, hayvon! Xotinim yolg'iz ukamni qutqarib qoling, deb yalinsa, men laqma bo'ynimga olib o'tiribman.
- Ukasi yolg'izmidi?
Chorasiz odamning talvasasini ensasi qotgan tarzda kuzatayotgan Qo'tos shunday deb unga yaqinlashdi.
- Ha, bittagina ukasi bor edi.
- Eri-chi? Eri nechta edi?
- Tushunmadim, o'rtoq, bu nima deganingiz?
- Ukasi bitta, ammo eri bitta emas ekan, demoqchiman.
- Unday demang, biz bir-birimizni sevar edik.
- Burningni art! He, mishiqi! - Qo'tos shunday deb hech bir kutilmaganda tarsaki tortib yubordi. Zarbning zo'ridan chorasiz odam yonboshlab qoldi. Tarsakidan qanoatlanmagan Qo'tos unga qarab tupurdi.
- Sen ham erkakman, deb yuribsanmi? Bir-birini sevar emish! Bilib qo'y, sevgilim! deb quchoqlaganida xayolida sen emas, ketvorgan o'ynashi turadi. Hezalak! Xotinlarni senga o'xshagan hezalaklar buzadi. Eplash qo'llaringdan kelmasa nima qilasanlar uylanib?! Shu hollaringga yana ko'ngillaring begonalarni ham tusaydi. Sen ham borarmiding begonaga? - Yuzini silab o'tirgan chorasiz odam indamadi. - Borarding. Begona bilan o'pishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini surardi. Senlarning hayoting mana shunaqa axlat. Xotining seni qo'ygan bo'lsa nima bo'pti? Bu yerda o'lib ketmasang, chiqib, boshqasini topasan. Yuzta er ko'rib to'ymagan shilta bir ishvasi bilan ko'zingga qizdek ko'rinadiyu, tamom, unga uylanasan. Bir-birlaringni sevib yuraverasanlar. - Qo'tos shunday deb chorasiz odamning oyog'iga tepdi-da, so'kinganicha nari ketdi. Soliqni vaqtida to'lamagan mahbusning masalasini hal qilishga kirgan Qo'tos ishni pishitib, chiqib ketgunicha birov lom-mim demadi.
Bu yerdagi bema'niliklarga, bekordan bekorga so'kishlaru urishlarga ko'nikib qolgan Tursunali chorasiz odamning kaltaklangani boisini tushunmadi. Har qanday sharoitda ham o'zini chetga olish tinch hayotini ta'minlayajagini anglab yetgan Tursunali yana joyiga chiqib yonboshladi. Chorasiz odam esa yig'lamasirab, o'zicha bir nimalar deb o'tiraverdi. Unga dardkash topilmadi. Olam-olam dardni yelkalarida ortmoqlab yurgan odamlarga begona dardning hojati bor ekanmi? Shular kabi Tursunali ham o'z dardining asiri edi. Hozirgi voqea sabab bo'lib, ko'z oldiga xotini keldi. Shu paytga qadar xotinim men bilan ajralishi mumkin, degan fikr xayoliga kelmagan edi. Odatda er xotinni qo'yguvchi edi. Xotin javobimni bering, deb so'raguvchi, er janoblari esa hushlariga kelsa taloq xatini berguvchi edilar. Ajib zamonning ajib qonunlarini qarangki, endi xotin erni qo'yadigan bo'libdi. Yana qamoqdagi erimni qo'ydim, desa qonun ham xo'p deyaverar ekan. Tursunali shunisiga besh ketmadi. Hozir kaftlarini bolish qilib shiftga tikilib yotar ekan, Bitta ahmoqning gapiga kirib Matluba ham ajralishsa-ya?! degan fikr xayoliga urilib dahshatdan sapchib ketayozdi. Davrini surib yurgan kezlarida xotini javobimni bering deb qolsa, ko'p ham tarang qilmagan bo'lardi. Matluba ba'zan nolib qolsa Chidasang shu, chidamasang to'rt tomoning Toshkent deb ajralishga sha'ma qilardi. Hozir esa ajralish degan so'z uni dahshatga soldi. Yo'q, ajrashadigan bo'lsa o'ynash bilan tutganida tashlab ketardi. U meni yaxshi ko'radi, deb o'ziga o'zi tasalli berdi. Yaxshi ko'rardi... - Biz bir-birimizni sevardik... - Bilib qo'y, sevgilim! deb quchoqlaganingda xayolida sen emas, ketvorgan o'ynashi turadi!... - Begona bilan o'pishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini suradi...
Bu gaplarni eslab Tursunalining yuragi uvishdi. Shu paytga qadar xotini begona erkak bilan don olishmog'i mumkinligini o'ylab ham ko'rmagan edi. U ham tirik jon, unda ham nafs bor. Shayton uni ham vasvasaga soladi, degan fikrdan uzoq edi. O'ynash bilan nafsni qondirish erkakka yarashadi. Xotin o'z eriga sadoqatli bo'lmog'i shart! - Tursunalining bu sohadagi falsafasi shundan iborat. U o'zining buzuqligini xiyonat deb hisoblamagan, agar birov unga bu qilig'ing oila deb atalmish oppoq, pokiza dasturxon ustida balchiqqa botgan oyoqlar bilan yurishdir, desa zaharli jilmayib Bu yigit uchun ayb emas, yigit kishiga qirqta xotin oz, deb qo'ygan bo'lardi. Agar o'sha odam Bir juvonga qirq erkak oz, desami, Jinni ekansan! deb so'kib berishi aniq edi.
Begona bilan o'ynashayotganingda xotinchang ham...
Yo'q, - dedi Tursunali o'ziga o'zi, - Matluba bunaqa haromdan hazar qiladi...
Harommi bu ish? Sen o'zing nima uchun hazar qilmading?
Kimdir shunday deb qulog'i ostida pichirlaganday bo'ldi.
G'oyibdan berilgan bu savolga javob qaytara olmadi. Chunki haromdan nima uchun hazar qilmaganini o'zi ham bilmas edi. Shaharga tushgan kezlari maishat qilgan damlarida ko'z suzib turuvchi ofatijonlar ustidan pul sochgan onlarida bularning fohisha ekanini, kechagina yoki bir soatgina muqaddam boshqa bir erkak ko'nglini ovlaganini, ertaga yoki bir necha soatdan so'ng bu ahvol takrorlanayajagini, unga jonginam deb cho'chchayayotgan lablar o'nlab yoki yuzlab erkakka ishva qilgani va qilajagini o'ylamas edi. Nafsni qondirishdan o'zga narsani bilmasdi. To zahmga chalinguniga qadar pala-partish yurdi. So'ng tanlaydigan bo'ldi. Tanlagani qursin! Pul evaziga o'zini sotuvchi ayolning yaxshi-yomoni, tozasiyu iflosi bo'larkanmi?! Oq it bilan qora itning farqi bo'lmaganidek, bularda farq yo'qligi, barchasi fohisha, buzuq, shilta... kabi unvonlar bilan xorlanishini uning oqsoq fahmi idrok qila olmas edi.
Ishtoni yo'qning hadigi cho'pdan, deganlaridek, o'zi botqoqqa botgani holda, pokiza odamning etagi loy emasmikin, deb gumonsirashi qiziq. Yo'q, begonaga yaqinlashmoqqa haqqi yo'q! deb hukm chiqarmog'i undanda qiziq. Uyidagi pokiza to'shakka o'ynashini boshlashdan hazar qilmagan odam haromdan hazar qilish xususida o'ylagani yanada qiziqroq.
Xotinining ko'rpa-to'shaklarni kuydirib tashlaganini bilib, bunaqa ahmoq xotin dunyoda yagona bo'lsa kerak, deb o'ylagan edi. Hozir o'sha voqeani eslab, yuragi uvishdi. Bu mallavoyning xotini boshqa. Matluba haromdan hazar qiladi, degan fikri qat'iylashdi. Sog'ingan qalbiga bir iliqlik yugurgiladi. Ammo... bu qalbning to'ri Nafisaga bo'shatib berilgan edi. Manfiy va musbat bulut parchalari yaqinlashganida yashin chaqnagani misol yuragi bir sanchdi. Haromga o'rgangan ko'ngil pokiza hislarga o'rin bermoqni ixtiyor qilmadi. Nafs tarozisining Nafisa turgan pallasi bosib ketaverdi.
Qo'tosning hozirgi gapiga qadar xotinini gumon qilmagan, birovdan qizg'anmagan edi. Biroq... Nafisani qizg'anardi. Uni do'stiga oshirib yuborganidan keyin, hatto oshnasidan ham qizg'anadigan bo'ldi. Samandar og'ushida ishva qilayotgan Nafisa ko'z oldiga kelsa badaniga muz yugurardi.
Raykom taxtini egallash uchun yo'l ochilganida o'ynash haqidagi ma'lumot to'g'anoq bo'lishi mumkin, degan ogohlantirishdan so'ng Nafisani do'stiga uzatgan edi. Gilam sotsang qo'shningga sot, bir chekkasida o'zing o'tirasan, deganlari shu-da! Xotindan kuygan Samandar xotinidan ajrashib do'stiga arzi hol qilganida Tursunali qulay fursat kelganini fahmlab, kayfi oshib chuldirab qolgan oshnasiga Nafisani ro'para qildi. Nafisa yig'ladi, tarang qildi, so'ng tayinli bir erga, yana to'g'ri Moskva bilan gaplashadigan olim erga ega bo'lishini anglagach, ko'ndi. Samandar ertalab bir qizning qizlik nomusiga tegib qo'yganini bilib, qo'rqib ketdi. Qo'rqitishmasa ham bu go'zal juvonga uylanishga jon-jon deb ko'naverardi. Xullas, gilam qo'shniga sotildi, bir chekkasida rohat ila o'tirmoq esa davom etdi. Biroq, gilam egasi nima uchun gilamda o'tiradi? degan hasad qalbini yondiraverdi. Aslida gilamni sotmasa ham bo'larkan. Raykomga olib boradi, deb faraz qilingan yo'l aldamchi ekan, chiroyli jilva qilayotgan bu yo'l birdan qorong'ulashdi-yu, taxtga emas, zindonga ro'para qildi...
Bitta qozonda ikki qo'chqorning kallasi qaynamaydi, deganlari balki mubolag'adir. Qozon katta bo'lsa o'nta kalla ham qaynar. Ammo bitta yurak ikki ayolga bir xilda mehr-muhabbat bera olmasligi aniq. U qalbini xotini Matlubaga to'liq bo'shatib berishni istasa ham, haromlik bulog'idan suv ichishga ko'nikkan nafs talvasaga tushib, Nafisani unutishga yo'l qo'ymaydi. Matlubadan nima ko'rding? To'g'ri, avvaliga totli edi, keyin chaynab tashlangan turshakning o'zi bo'ldi-qoldi. Egov emasmidi u? Har kuni umrni egovlamas edimi? - der edi nafs balosi. - Nafisa-chi? Bu dunyoning lazzatini kim berdi? Nafisa! Nafisa bor joyda jannatni orzu qilishning o'zi kulgili emasmi? Mingta Matlubani to'plasang bittagina Nafisaning to'shakdagi to'lg'onishiga yetmaydi... Shundan so'ng ko'zlarini yumib, o'zini Nafisaning quchog'ida ko'rardi. Hammasini unutardi: ahli ayoli, farzandlarini ham, Xudoning balolariga uchraganini ham, bundagi azoblarni ham...
Shunday bo'lib kelgan edi. Hozir, xotinidan tiriklayin ajralib piqillab o'tirgan notavonning alamli nolasi uni sergak torttirdi.
Bu azoblardan qutulib borgach, seni kutib oladigan kim? Matluba! Bolalaring!.. Sen ulardan boshqa yana kimga keraksan? Hech kimga! Qariganingda shular asqotadi. Senga bir burda nonni shu farzandlar beradi. O'lganingda shular olib borib ko'madi. Sendan boshqa er bo'lganida sabr-toqati uchun Matlubaga haykal qo'yardi... Nafs pinakka ketgan paytlarda ojiz vijdonning pichirlab aytgan bu so'zlarni endi sal quvvatga kirgandek bo'ldi. Ammo falakning gardishi bir aylanib, Mulla Tursunali, biz xato qilibmiz. Siz aybsiz ekansiz, ozodsiz, deyilsami, qanot chiqarib uyga uchardi. Uchardiyu... ikki-uch haftada yana nafs qurg'ur Nafisasi sari yetaklab borarmidi...
Ey Odam farzandi! Men Allohdurman. Bandalarni o'z qudratim bilan yaratdim, bas, kimlargadir yaxshilikni iroda qilib yaxshi xulqni berib qo'yaman. Kimlargadir yomonlik bo'lishni iroda qilsam, unga yomon xulqni beraman, deyiluvi besabab emas. Ammo Odam bolasiga tug'ilganidayoq yomon xulq berilmas, vallohi a'lam. Bu hol shaytonga maylini berganlargagina nasib etguvchi. Derlarkim, agar Odam bolasi uchun ish ulug' martaba, ish haqi esa arzimas darajada bo'lsa, uning oliy janobi mehnatdir, aniqroq bayon etilsa bu mehnatni yaratguvchisi Tangridir. Agarchi U uchun ish ikkinchi yoki quyiroq darajada, ish haqi esa muhimroq yoki oliyroq martabada ekan, demak U ish haqining qulidir. Ish haqining xojasi esa shayton ekan, shaytonlarning ham eng tubani ekan. Yoshlik choqlaridayoq ana shu eng tuban shaytonga muhabbat qo'ygan Tursunaliga yana qandayin xulq nasib etmog'i mumkin edi? Zulmning har turidan totib ko'rayotgan bandaga bu haqiqatni anglamog'i uchun yana qancha muhlat kerak, yana qancha sinovlar darkor?
Xotinim menga vafo qilarmi yoki yo'qmi? degan xavotir bilan uyquga ketgan Tursunalini yana bir zulm o'z quchog'iga olmoqqa hozirlanar edi.
Sen-da musulmanin, men-da musilmanin... degan gaplari bilan Tursunalining mehrini qozongan mehribon tushlik chog'ida unga yaqinlashdi. Kulimsirab kelayotgan Murikni Tursunali o'rnidan turib qarshi oldi. Zamonning hukmini qarangki, ilgarilari faqatgina o'zidan ustunlar bilangina o'rnidan turib salomlashadigan, yuqori lavozimdagilar telefon qilishadigan bo'lishsa, ovozlarini eshitiboq o'rnidan tura qulluq qilganicha gaplashadigan odam endi bir tuban o'g'ridan ehtiromini darig' tutmasa...
Tursunalini yelkasidan quchgan Murik Zemlyak, ahvollar nichuk? Orqamdan yur, muhim gap bor, deb pichirlab, atrofga alanglab olgach, butazor tomon boshladi. Tursunali ham beixtiyor ravishda alanglab qo'yib, unga ergashdi. Qor bosgan butazorda yurish og'ir edi. Shunday bo'lsa ham Tursunali takaning izidan boruvchi nodon qo'y singari ergashaverdi. Gapingni shu yerda aytaver, demadi. Tengiz eplay olmayotgan ishni balki shu qoyillatar, meni oshxonaga joylab qo'yar, degan umidli o'y bo'yniga sirtmoq bo'lib tushgan, sirtmoq uchini esa Murikning qo'liga tutgan edi.
Murik kutilmaganda to'xtab, orqasiga o'girildi.
- Qalay, zemlyak, qizishib oldingmi? - dedi u tirjayib.
- Ha... endi... - dedi Tursunali nima deyishni bilmay.
- Sen zolotoy odamga o'xshaysan, zemlyak, seni bik yaxshi ko'rib qoldim. - Murik shunday deb otini erkalagan chavandoz kabi Tursunalining yuziga yengil shapatiladi.
Bu qiliq Tursunaliga erish tuyulib tisarildi.
- Zemlyak, sen zolotoy odam ekansan, - deb takrorladi Murik unga qattiq tikilib. - Sening yordaming kerak. Agar yordam qilmasang bir odam xor bo'lib o'lib ketishi mumkin.
- Men... kimga.. qanday yordam qilishim mumkin?- deb ajablandi Tursunali.
- Arzimas yordam... to'rtta yoki beshtagina so'z aytsang kifoya.
- Qanaqa so'z?
- Qanday so'z deysanmi? - Murik shunday deb uning yuziga yana yengil shapati urdi. Bu safar Tursunali orqasiga tisarilishga ulgurmadi. Shapatilagan panja uni kekirdagidan oldi. - Zemlyak, mening bir oshnamga pul kerak. Bo'lmasa o'ladi.
- Menda pul yo'q, - dedi Tursunali uning qo'liga yopishib. Shu onda Murik tizzasi bilan uning nozik yeriga tepib, bukchaytirib qo'ydi. So'ng ixranayotgan o'ljasining o'ziga kelishini kutib, sigaret tutatdi. - Zemlyak, bu yerda puling yo'qligini bilaman. Ammo uyingda ancha puling qolgan. Berkitgan yeringni shu paytgacha o'zingdan boshqa hech kim bilmas edi. Endi bu sirga ikkalamiz egalik qilamiz. Men o'g'il bolacha ish tutaman: hammasini olmayman, yarmisi o'zingga qoladi. O'zingni qiynamay qayerga yashirganingni ayt. Hozir bilmasdan tizzam tegib ketdi. Bilib tepsam, yomonroq bo'ladi. Qani, ayta qol.
- Nimani?
Bu savol Murikka yoqmay, bir so'kindi-da yana kekirdakdan oldi. Tizza zarbidan hali o'ziga kelolma-yotgan Tursunali xirilladi, rangi oqara boshladi. Murik uning ahvolini sezib, kekirdagini qo'yib yubordi-da, yuzini siladi:
- Sen zolotoy odamsan, zemlyak. Bilib qo'y, shu paytgacha hech kim mening bir gapimni ikki qilmagan. Men sening izingdan shu yergacha keldim. Ahmoq bo'lib qaytib ketmayman. Sen esa... yo pullaringni qayga berkitganingni aytasan yoki bahorgacha shu yerda yotasan. Omadli odam bo'lsang, bahorda suyaklaringni yig'ishtirib olib ko'mishar. Xudoning qarg'ishiga uchragan bo'lsang sen xunasaga shu ham nasib etmaydi. Qani, yechin.
- Nega?
- Negaligini keyin bilasan.
Tursunali yalang'och holda muzlab o'lishni tasavvur qilib, dahshatdan titrab ketdi.
- Aytaman, - dedi u jon talvasasidagi odamning ovozi bilan.
- Zolotoy odamsan demadimmi?! Seni o'ldirish hayf. Qani, ayt.
- Qishloqda...
- Faqat molxona tagiga ko'milgan, dema. U yer kavlab tashlangan.
Bu gapni eshitib Tursunali hayratdan qotib qoldi. Qayoqdan biladi? deb o'yladi. Qo'liga kishan urilgan dastlabki kunlarda, dastlabki so'roqlarda shunday deb aldagan, so'ng buning evaziga rosa tepki yegan edi. O'lim xavotirida turgan Tursunali hozir shuni esladi. Ammo bu o'shalarning sherigimi? degan gumonga bormadi. Molxonani aytishga og'iz juftlagan Tursunali uchun bu ogohlantirshi durust bo'ldi.
- Hojatxonada ham dema, u yerni titadigan ahmoq yo'q. Bo'l, ayt. Bilib qo'y: aldasang, it ko'rmagan azoblarda o'lasan. Bu - bir. Urug'ing bilan quriysan, bu - ikki. Tushundingmi? Bolalaring ham o'zingga o'xshab o'ladi. O'zing bittagina bola bo'lgan ekansan. Sendan o'sha bittasi ham qolmaydi.
O'lim talvasasi, ayni choqda najot umididagi Tursunalining ko'z oldiga Tengiz keldi. Nima qilib bo'lsa ham o'shanga yetib olsam bo'ldi, degan xayolda yana bir marta aldashga qaror qildi. Bu holda ham nafs g'olib chiqdi. O'zining joni emas, hatto bolalarining joni emas, berkitilgan boyligini saqlab qolish ilinji ustun keldi.
- Hozir aytaman, - dedi Tursunali unga najot nazari bilan boqib.
- Aytasan, aytmay qayoqqa ham borarding. Sen bilan biz musulmaninmiz, zemlyak. Bir-birimizni suyab-qo'llamasak, xor bo'lib o'lib ketamiz. Boylik yo'q bo'lib ketadigan narsa. Sen bu yerlardan chiqib borguningcha berkitgan pullaring chirib ado bo'ladi. Erta-indin Gorbach pulni almashtirsa bundan battar bo'ladi. Sen zolotoy ekansan, zemlyak. To'g'ri yo'lni tanlading: puling ham chirimaydi, o'zing ham bu yerlarda chirib qolib ketmaysan. Uyingga soppa-sog' kirib borasan. Pul degani nima, bilasanmi? - Murik shunday deb Tursun-alining bilagidan ushladi-da, kaftiga sigaret kulini qoqdi. So'ng puflab, bu kulni to'zitdi. - Tushundingmi, zemlyak? Endi o'zingga kelib olgandirsan, a? Bo'la qol, tarang qilmay, ayt.
Buning orqasidan ergashib kelganimni Tengizning odamlari ko'rmadimikin? Yordamga kelib qolishmasmikin? degan ilinjdagi Tursunalining atrofga javdirashini ko'rgan Murik zaharli tarzda tirjaydi. U mamnun edi. Murik turli joylarda, turli holatlarda, turli boylardan pul undirgan, lekin bunaqangi vaziyat, bunaqangi odamga birinchi duch kelishi edi. Shu paytgacha hech kim birgina tepki zarbidan bunday hiqillab qolmagan edi. Kievga gastrolga borganida Abramovich degan ziqnani to'rt kechayu to'rt kunduz temir quvurga kishanlab, och qoldirib, tepkilaganda ham aytmagan, to'rt kecha-kunduz najot kutib yashagan. Beshinchi kuni o'lib ketishiga ko'zi yetgach, aytgan edi. Bu odamga esa birgina tepki kifoya qildi. Bulardan qaysi biri aqlliroq? - deb o'yladi Murik, so'ng o'z qarichi bilan hukm qildi: - Shunisi aqlli. Qiynalib jon bergandan ko'ra, boylikni osongina berib qo'ya qolgani durust...
Murik Pul qo'lning kiri, pul chiriydi, pulni Gorbach almashtiradi... deb o'ljasining ko'ngliga g'ashlik solganday edi. Agar berkitilgan boylik qog'oz puldan iborat bo'lganida Tursunali bu qadar talvasaga tushmasmi edi. O'g'ilbolacha ish qilaman, yarmini olaman, deydi. Tillayu javohir, duru gavharni ko'rganda kim yarmiga qanoat qilar ekan? Tursunalini ayblash balki noo'rindir: boylikni peshona teri bilan topmagan bo'lsa-da, tillayu javohirning jilosi yurak tomirlariga ko'z ilg'amas nurlar bilan ulangan edi.
- Endi haddingdan oshma, - dedi Murik unga tarsaki tushirib. - Zolotoy odam yaxshi gapning chegarasini bilishi kerak.
- Yerto'lada... to'sinlarning beliga qo'yilgan yettita ustun bor. O'rtadagi ustunning tagida... - Tursunali shunday deb yutinib qo'ydi-da, qassob qarshisidagi qo'zichoq holatida Murikka mo'ltillab qaradi. Qassob esa hozir so'yayinmi yoki yana picha semirishini kutayinmi? degan kabi unga tikildi. So'ng bir qarorga kelib, cho'ntagidan buklama pichoq chiqardi-da, tugmasini bosdi. Aytdimu qutuldim, jonim foydaga qoldi, deb ko'ngliga xotirjamlik oralayotgan Tursun-ali pichoqni ko'rib, qo'rqib ketdi.
- Yechin, - deb buyurdi Murik, sovuq ohangda.
- Aytdim-ku! - dedi Tursunali jon holatda.
- Shu gapingga ishonadigan ahmoqqa o'xshaymanmi men?
- Rost aytdim, gapim rost, axir!- Tursunali yig'lamsiradi. - Nega ishonmaysiz? Ustunning tagida chuqurcha bor. Chuqurchada ikki qavat yog'och qopqoq bor.
- Sen tirik odamning terisini qanday shilishganini ko'rganmisan? - Tursunali bu savolga javoban javdiraganicha bosh chayqadi. - Ko'rmagansan, - dedi Murik pichoqni bukib, cho'ntagiga solgach. - Agar aldasang - ko'rasan. Uch-to'rt kun ichida ko'rasan. Te-ringni shilib, bi-ir rohatlanaman. Ungacha birovga churq etmaysan. Og'iz ochishing bilan kuragingning tagida shu pichoqni ko'rasan. Bo'ldi endi, bor.
Tursunali qutulgani rostligiga bir ishonib, bir ishonmay iziga qayta boshladi. Uch-to'rt qadam bosgach, orqadan Murikning ovozi keldi:
- Zemlyak, ishtoning ho'l bo'lganga o'xshaydi, almashtirib ol, yana shamollab qolmagin. Sen menga tiriklayin keraksan, - u shunday deb hiringlab kuldi. Tursunali orqasiga qaramadi.
U Murikni aldamagan edi. Chindan ham yerto'ladagi ustun ostida sandiqcha bor edi. Ammo bu sandiqcha bo'sh edi. Aniqroq aytilsa, bu sandiqcha bir necha haftagina asqotdi - boyliklarni bag'rida yashirdi. Lekin Tursunalining ko'ngli to'lmay, to'plaganlarini boshqa joyga ko'chirdi. Hozir yerto'lani aytishga aytdi-yu, buning odamlari uyga borar, sandiqchani topib ochar, so'ng aldanganlarini bilib xotinimni siquvga olishar, bolalarimni qiynashar, deb o'ylamadi. Uning uchun hozir eng muhimi - o'z jonini qutqarish edi. Niyati amalga oshib, Xudoga shukr qilgan tarzda joyiga qaytdi. Mahbuslar ovqatlanib bo'lishib, ishga tarqalishayotgan edi. Tursunali javdiragan nigohi bilan Nuriddinni qidirdi. Tushlikdan avval uni Pachoqburun chaqirib ketgan edi, hali ham qaytmabdi.
Tursunalining qo'llari ishda, ko'zlari esa Nuriddinning yo'lida bo'ldi. Murik ikki marta unga yaqinlashib Horma, zemlyak, charchamayapsanmi? deb ketdi. Nuriddin ish oxirlay deganida paydo bo'ldi. Barakka qaytar mahallarida Tursunali uning yengidan asta tortib, past ovozda:
- Tengizni tez ko'rishim kerak, - dedi.
- Olib boraymi? - dedi Nuriddin.
- Yo'q, bexit joyda ko'rishim kerak. Anov yangi kelgan odam ishkal chiqaryapti.
Nuriddin yangi deganingiz kim? deb so'ramadi, chunki u gap kim haqida borayotganini darrov anglab yetdi. Nuriddin qanday ishkal chiqaryapti? deb ham so'ramadi, chunki Tengiz ogohlantirgandayoq shu odamning bir baloni boshlashini fahmlagan edi. Lekin aynan Tursunali atrofida o'ralashayotgani unga yangilik bo'lsa-da, ortiqcha savolga hojat sezmadi. Kechki ovqat paytida Tengiz ko'rinmadi. Shu sababli Qo'tosning yonidan o'tayotib Knyazga zarur gapim bor, deb qo'ydi. Qo'tos unga qaramagan holda tushundim deganday bosh irg'adi. O'sha kech politbyuroning yig'ini belgilangan edi. Shu bois Tengiz Nuriddinni yo'qlatmadi. Pachoqburun uni ertasiga, nonushtadan so'ng chaqirdi.
